Главная » 2012 » Март » 29 » Yuragimda sen borsan-1
01:42
Yuragimda sen borsan-1


Yuragimda sen borsan-1 

Yana bu falak uzra tun o'z pardasini yoydi. Mening nigohlarimda esa muhabbat pardasi hilpirab turibdi. Har tun shu hol takrorlanadi. Ko'zlarim ochiq. Nigohlarimni berkitgan muhabbat pardasi ortidan sening ruxsoring namoyon bo'ladi. Ko'z o'ngimga yuragimning ishq koshonasidan asta-asta odimlab kelasan. Yana sen haqindagi o'ylarim davomi butun borlig'imni o'z izmiga soladi. Ahir yuragimda sen borsanku! Salom azizam. Kechagidan farqli bo'lgan bu o'ylarim yana yangidan yangi ertaklar koshonasiga yetaklaydi. Yuragimni qo'llaringga ol va quloq tut. Yana izhorimning bayonin tingla!

Dunyo poyonsiz deb o'ylardim. Aslida uning cheksizligi sen bilan ekan. Sensiz dunyo bunchalar tor, bunchalar g'arib ko'rinmasa. Agar seni eslaganimda, vujudimga yuguradigan huzurbaxsh tuyg'uni, sezmaganimda hijron azobi allaqachon "dardi bedavo"ga duchor etardi. Sen bir nursanki zulmat quchishiga yo'l bermaysan. Sen tog'dagi toza chashmasanki vujudim ishq olovida yonib bitishiga monelik ko'rsatasan. Odamlar har dardga malham vaqt deydilar. Vaqt o'tgan sayin seni ko'rmoq, ovozingni eshitmoq, bo'ylaringni tuymoq istagi bardoshimni qiyin qistovga olmoqda.

Nazarimda butun vujudimni zo'r bir alanga qurshab olganday va hayotim shu harorat ichra ketayotganday. Kun sanay deyman-u, sanashga botinolmayman. Hijron damlari nainki kun, oylarga ulashib ketgan. Hayoling uzra jon saqlay desam sening yoding tashnalik, sog'inch va firoq hasratini ming chandon kuchaytirib boshimga azoblarni soladi. Eslamay deyman-u, butun borlig'im sen bo'lgach sendan o'zga yana kimni yodga olaman. Ahir yuragimda sen borsanku!

Ishq o'zi qanaqa yovuz dard? Na o'ngingda, na tushingda halovat bor. Yana bir biriga chirmashib ketgan og'riqli, havotirli hayollarga ne deysiz. Na odamlar ichida o'y-hayollardan qutulasan, na yolg'iz qolganingda. Ahir sening ishqingda sensiz, tanho yashab bo'larmidi? Uyquga sening yoding ila bosh qo'yaman. Tong chog'i kipriklarim qo'zg'almay turib sog'inch dardi ila to'lg'olaman. Men yana seni qumsayman. Seni sog'inaman, seni sevaman. Bizni ne bog'lashi mendan so'ramagin. Sendan nimani izlashimni o'zim ham bilmayman. Bilganim bu bir sir. Bilganim chindan seni sog'inib, seni sevaman.

Ishq dardiga mubtalo dil, na tabiat go'zalligi, na quyosh harorati, na shamol-u bo'ron va na zil-zilani tan olar ekan. Oshiqning farog'ati uchun faqat mashuqasidan kelgan bir og'iz lutf-kalon, yaxshi xabar va robbim yarlaqagan ruxsor halovati ekan. Menku bunday baxt qushi boshimga qo'nmoqligi mumkinligidan umidimni uzib qo'ydim. Ammo yurakdagi "uvoqday" mo'jazgina ilinj huddi qilga osilgan mo'r misol visol tashnaligini so'ndirmay turaverarkan.

Hozirgi holatimga yig'lashni ham, kulishni ham bilmayman. Ahir o'ylaganlarim vaqti kelib sarob bo'lib chiqsa, suyanganim bo'shliq ekanligini yiqilganimda bilsam, chashma deb talpilganim oddiy tosh ekanligini anglasam dardimni kimga aytaman. Ishq lazzatini totgan kezlarim butun borliq hayolimdan ko'tarilgani, ko'zlarim faqat uni ko'rgani, tillarim uning ismini takrorlab-takrorlab charchamagani endi sezilyapti.

Yaxshiyamki qalbimda bosh ko'targan tuyg'u iddaosidan hali u qadar boxabar emasman. Ammo uni sevgi huruji deya juda olisdanda tan olmoqqa qo'rqaman. Men seni zulukdan qop-qora qoshlaringni, tunni lol qoldiruvchi sochlaringni, sutga chayilgan oppoq yuzingni emas hayo sayqal berilgan tiniq chehrangni qumsayotgandayman. Sening timsoling sendanda ofiyatli, sendanda ziynatli. Buni anglamoq oson emas. Buni faqat qalb ko'zi ila ko'rishga qodir odamlar sezurlar. Inchinun men sendagi ibo, iffat va beg'uborlikga tashnaman. Telba uchun ikki dunyo bir otin. Yana bilingki boylikga, amalga, shoxlikga tashnalikdan ortadigan telbalikdan ishq azobidan keladigan majnunlik azoblidir, og'riqlidir.

Men seni qanchalik sevaman ekan? Bu savolga o'sha damda ham javobim yo'q edi. Hozir ham. Men muhabbatga suyanib butun borlig'imni uning ihtiyoriga topshirib qo'yibman. Ishq qal'asiga sezdirmay kirganimda nechog'li baxtiyor edimki… Endi uning mustahkam qo'rgo'nidan chiqolmay, jon saqlashga najot topolmay rang-ro'yim somondek sarg'aymoqda. Tan hastaligiga davo topishga umid qilsa bo'lar ekanu, biroq ko'ngil savdosining dardi bedavo ekan.

Menga shunday otashin ishqni, sog'inchni berib o'zing yuragimga berkinganing menga taskin beradi. Tuyg'ularim senga bepayon. Ishqimning iztirobli bayoni so'ngsiz. Shuning uchunmi senga hayr demayman. Hayr desam muhabbatim izhori poyoninga yetib qolayotganday. Senga termulib tong ottiraman. So'zlarimga nuqta qo'ymay shunday qoldiraman. Boisi, umrimni bori tunida senga izhorimni betakror bayonini taqdim etaveraman. Tug'yularim tugamaydi. Ahir yuragimda sen borsanku.
Прикрепления: Картинка/Surat 1
Категория: Xikoyalar | Просмотров: 1155 | Добавил: uzboy94 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]