01:22 Tezroq katta bo'lsaydim... | |
Kattalar... Dunyoning chirkin ishlari, o’tkinchi orzu-havaslari, ig’vo-bo’xtonlari bilan o’z qalblarini kirlaganlari yetmagandek, murg’akkina bolaning dunyosini zimiston, beg’ubor qalbini chil-parchin etib naqadar ulkan jinoyat qilayotganliklarini bilmaydilar. Quyidagi hikoyada ana shunday "kattalar”ning xudbinligi jabrini totib, arosatda yashashga mahkum bo’lgan sakkiz yashar go’dakning iztiroblarini bayon etishga harakat qildim. Bugun ayam yana yig’ladilar. Ularni ko’rib mening ham yig’lagim keldi, lekin yig’lamadim. Chunki ayam doim "o’g’il bola yig’lamaydi” deydilar. Yig’lasam katta, kuchli yigit bo’lolmas ekanman. Men esa tezroq katta bo’lishni, kuchli bo’lib ayamga hamma ishlarda yordam berishni xohlayman. Nega ayam yig’laganlarini aytaymi, kecha ukamni dadamga berib yubordik. Uni sog’inayaptilar. "Ukam qachon keladi?” deb so’rasam, oyim "u endi dadang bilan yashaydi, sog’insak borib ko’rib kelamiz” dedilar. Juda xafa bo’ldim. "Endi men kim bilan o’ynayman. Hoziroq uni olib kelamiz” deb janjal qilmoqchi edim, qarasam ayam yig’lab o’tiribdilar, ularga rahmim kelib indamadim. Bilaman, ayam men uchun, mening maktabga borishim uchun shunday qildilar. ¤rtoqlarim birinchi sinfga o’qishadi, men esa endi "nolavoy”ga boraman. Ukamga qaraydigan odam bo’lmagani uchun men maktabga borolmadim. Ayamga bir kun "Ishga bormasdan o’zingiz ukamga qarab o’tiring” degandim, "O’g’lim, uyda o’tirsam, yeb ichishimizga, kiyinishimizga kim pul beradi? Agar pul topmasam, bizni mana bu uydan ham chiqarib yuborishadi. Keyin qaerga boramiz?” dedilar. "Buvimlarnikiga borsak bo’lmaydimi” deb endi so’ramoqchi bo’lgandim, u yerda tog’amning xotinlari bilan urishib qolganlari esimga tushdi. Eh, barbir ukamni dadamga berib yuborganimiz yomon bo’ldi-da. Unga dadam yaxshi qaramasalar-chi! Axir, ukam yurolmaydi, o’zi oshxonadan ovqat olib yeyolmaydi, hojatxonaga kirolmaydi. Avvallari ikkalamiz ham bog’chaga borardik. U payt ukam kichkina edi, oyim uni ko’tarishda qiynalmasdilar. Bir kun u bog’chada yomon kasal bo’lib qoldi, shundan keyin bog’cha opalar unga qaramaymiz deyishdi. Shundan keyin men ham bog’chaga bormasdan uyda ukam bilan o’tiradigan bo’ldim. Pastga tushib meni ham o’rtoqlarim bilan o’ynagim keladiyu ukamga qarashim kerakda. Do’xtirlar ukamning oyog’ini ikki marta operatsiya qilishdi, lekin haliyam yurib ketgani yo’q. Oldin dadam, oyim hammamiz birga yashardik. Ukam ko’p kasal bo’lgani, yurolmagani uchun buvim oyimni yomon ko’rardilar. Doim oyimga "uyni bo’shatib qo’y, bolalaringni ham olib ket” deb baqirardilar. Keyin qishloqdagi buvamlarinkiga ketdik. Hozir oldingi uyimizda boshqa odam bor. U yaqinda kichkina chaqaloq olib kelibdi. Dadam meni u yerga olib borganda "bu sening ukang” bo’ladi dedilar. Men "Yo’q, bu mening ukam emas, uning ayasi boshqa-ku” dedim. To’g’ri-da, o’zimning ukam bor, uni boshqa ukalarga almashmayman. Aytgancha, men oldingi uyimizga qaytib bormaydigan bo’ldim. Borganimda anavi chaqaloqning ayasi men va ayam haqida yomon gap aytgani uchun dadam uni urishdilar. Keyin u yerda janjal bo’lib ketdi. Shundan keyin dadam meni oldingi uyimizga olib bormaydigan bo’ldi.. Bilaman, dadam bizni yaxshi ko’radilar. Uyimizga kelganlarida yig’laganlarini ko’rganman. Ayamga "dadam ham o’g’il bola-ku, nega yig’laydilar” desam, "Dadang endi katta bo’lganlar” deydilar. Lekin men katta bo’lsam ham yig’lamayman. Eh, tezroq katta bo’lsaydim, ukamni olib kelib, zo’r do’xtirlarga ko’rsatib, davolatardim, o’zimizga katta uy sotib olardim. Ayam boshqa yig’lamasdilar, uyda o’tirib bizga faqat shirin-shirin ovqatalar qilib berardilap.... | |
|
Всего комментариев: 0 | |