Главная » 2012 » Март » 31 » Sardor Rahimxon bilan bahoriy suhbat!
13:33
Sardor Rahimxon bilan bahoriy suhbat!





O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Sardor Rahimxonning tinib-tinchimasdan, zavqqa to’lib ijod qilayotganiga havasimiz keladi. Qancha muammosi bo’lsa ham alamini mehnat qilib yengadi. Tirishqoqligi sabab ko’plab e’tiroflarga sizu bizning ko’z oldimizda erishgan xonanda bilan bugungi bayram kunlarida yana bir suhbatlashishga fursat topildi. Shuning uchun vaqtni ketkazmasdan dildan qilingan suhbatni sizga havola etamiz. Zero, ko’pchilik yoshlar uning fikrlashi, tirishqoqligidan o’rnak olsa arziydi...



Bahorga oid

— So’nggi marotaba qachon ko’chat o’tqazgansiz?


— O’tgan yili Navro’z to’yxonasini oldida "Ko’chat o’tqaz” loyihasi bo’lganda obdon ko’chat o’tqazganman.

— Jismoniy mehnat qilmaganingizga ancha bo’lgandir?

— Haqiqatan ham ancha bo’lib qoldi. Ijodiy ishlardan ortmayapman-ku.

— Bolalik chog’laringiz mahallada tengqurlar bilan eng ko’p o’ynaydigan o’yinlaringiz nima bo’lgan?

— Bekinmachoq, yong’oq, quvlashmachoq, badminton... yana "Dengiz jangi” kabi o’yinlar bizning jonu dilimiz edi (Xo’rsinib qo’yadi).

— Haligacha o’ynagingiz keladimi?

— E, albatta-da. Qani endi u damlar qaytsa... Bugun ham juda xumor qilganida ofisda jamoamiz bilan turli o’yinlar o’ynab turamiz. Masalan, hozir hamma joyda "Qopqon” o’yini mashhur bo’lgani uchun bo’sh vaqtimizda o’ynashni boshlab qolamiz.

— Eng yaxshi ko’radigan bahor taomingiz?

— Sumalakni yaxshi ko’raman. Uyimizda birorta marta ham qilmaganmizu lekin qayerda sumalak bo’lsa borib, so’rab olib bo’lsa ham iste’mol qilaman.

— Birortasini qilishni bilasizmi?

— Hech qaysi taomni tayyorlashni bilmayman.

— Varrak yasaganmisiz?

— Ha, varrak yasashga qo’lim rosa kelishardi-da. Yonlariga quroqlar yopishtirib, degandek. Ko’pincha varrakni akam yasardilar, biz ko’makdosh bo’lardik. Keyin uchirishni ham bizga qo’yib berardilar. Ayniqsa, maktab chog’larimizda rosa uchirganmiz-da. 

— Uchganmi, uchmaganmi, to’g’risi?

— Uchgan, albatta. Meni varraklarim juda uzo-o-oqlarga uchardi (kuladi).

— Bahor bilan bog’liq eng shirin xotira...

— 9-sinfda sinfdoshlar yig’ilishib Feruza ismli sinfdosh qizimizning uyida sumalak qilganmiz. O’shanda tonggacha o’yin-kulgu qilib rosa maza qilganmiz. O’zimiz mehnat qilib, o’zimiz tayyorlaganmiz uchun haligacha xotiramdan ketmaydi. Keyin o’sha sumalakni bo’lishib yeganmiz.

— Bahor haqidagi qaysi qo’shiqni sevib xirgoyi qilasiz?

— "Sumalakdan tosh topdim”, "Binafsha” qo’shiqlarini.

Hayotiy

— O’tgani o’tdi, qolgani qoldi. Afsus bormi?


— Xohlaymizmi yo’qmi afsuslar bo’ladi. Biroq, har qanday vaziyatda ham yaxshilikka intilib yashaganman va bundan keyin ham shunday bo’lib qoladi. Eng asosiysi, o’shandan to’g’ri xulosa chiqarib, qilgan xatoyingni takrorlamaslik. Hayotning falsafasi ham shundan iborat, urilib, surilib o’rganasiz. Hayotimda shoshqaloqligim, nafsim orqasidan qilgan xatolarim bor, qancha vaqtimni, mablag’imni ham boy bergan paytlarim bo’ldi. Bulardan afsuslanaman, lekin hammasi yaxshilikka deb o’zimni ovutaman. O’sha ishlarni bo’lganiga ham shukr qilaman, negaki, o’sha sabab ko’zim ochilyapti, hayotga teran fikr bilan qaraydigan bo’lyapman va o’rganyapman.   

— Hayotingiz yoki ijodingizdagi qaysi xato to’g’irlandi?

— Ijodimdagi eng katta xatoim Sankt Peterburgda suratga olgan klipim. Eng katta afsusim ham shu. Negaki undagi ayrim uyat joylar tabiatimga umuman mos emasdi. Bu qo’shiqni kuylaganim va boshqa o’lkada klip suratga oldirganimdan afsuslanmayman. Klipdagi harakatlarimdan afsuslanaman. Shu voqeadan o’zimga yetarli xulosani chiqarib oldim. Bundan keyin umuman bunaqa xatoni takrorlamayman.

— Birovning gapiga kirib aziyat chekkan hollaringiz bo’lganmi?

— Ha, bu o’sha klipmeykerni gapiga kirib shu klipni suratga oldirganim va birovga ishonib chuv tushganim. Hozir bunaqa shoshqaloqliklarni yig’ishtirganman. Uncha muncha odamga ham ishonmaydigan bo’lib qoldim. Do’st deganiku umuman yo’q ekan. Shuning uchun hozir faqat oilamga suyanadigan, ularga ko’proq vaqt ajratadigan bo’ldim. Bildimki, boshingga ish tushganida o’shalar chindan yig’laydi, chindan suyaydi.

— Kechirimlilik miqdoringiz qancha? Hadeganda kechiraverasizmi yoki...

— Kechirimlilik insonga xos fazilat. Ko’p narsalarni kechirdim, garchand bu og’ir bo’lsa ham. Jumladan meni ham payti kelganda kechirishgan. Inson baribir insonda u bilib bilmay baribir xato qilib qo’yadi. Shuning uchun uni kechirish kerak. Lekin takror xato qilgan odamni kechirmayman. Negaki, ikkinchi marotaba qildimi demak u uchinchi marotaba ham shu ishni qiladi.   
— Xushomad har qanday eshikning kaliti…Buni qanday qabul qilasiz?

— Tabiatimda shu narsaga o’rin yo’q. Xushomad qilmayman va qiladiganlardan uzoqroq yuraman. Bo’ladigan ish shunday ham bo’laveradi, buning uchun albatta kimgadir xushomad qilish kerak emas. Mayli o’sha ish bugun bitmasa, ertaga bitadi. Qolaversa, samimiylikda gap ko’p. Yana bir tomondan o’zini ishini yo’lga qo’yib olgan insonlarga xushomad yoqmaydi. Shuning uchun o’zim ham menga yaxshi ko’rinish uchun maqtashdan nariga o’tmaydiganlarni yoqtirmayman. Atrofingda girdikapalak bo’ladiganlarning ko’pini ko’rdim. Bular ishi bitguncha sizni maqtaydida keyin jarlikka itarib ketadi.

— Hayotga nisbatan kurashchanligingiz o’sdimi, kamaydimi yoki o’sha o’shami?

— Juda katta miqdorda o’sdi. Bu boshimdan o’tgan mashaqqatli kunlarda sezildi. Keyinchalik oila qurganimda, farzandli bo’lganimda "men kuchli bo’lishim kerak, axir shu oilani boshlig’iman, bir farzandning otasiman, menga oilam qarab turibdi, ortimda muxlislarim meni kutishyapti, erishgan yutuqlarimni oqlashim kerak” degan fikrlar charx urgani rost. 

— Darvozangiz tepasiga osib qo’yilgan yoki kibrga, manmanlikka berilmaslikka undaydigan narsa?

— Yaqinlarim ota-onam, ustozim va oilamdagilar meni shunaqa ta’sirlardan himoya qilishadi. Bolalikka oid yoki yutuqlarim aks etgan suratlar, videotasvirlar, o’sha paytdagi liboslarim ham menga o’tgan kunlarimni yodimdan chiqarmaslik hissini beradi. So’nggi paytlarda faqat shu narsalar bilan bo’ladigan bo’lib qoldim. O’sha narsalar meni aslimga qaytaradi. Lekin bu narsalarni men darvozani tepasiga osib qo’ymayman. Negaki, bu narsalarni kimgadir ko’rsatishim shart emas. O’zim bilaman bo’ldi.

— Shunday narsa bormi, siz uni hech kimga bermaysiz?

— Erishgan yutuqlarim aks etgan o’sha suratlar va mukofotlarimni hech narsaga almashib bo’lmaydi.

— So’nggi paytlarda sizga zavq ulashayotgan narsa, holat yoki kishi...

— Qizalog’im Sabriya... Uyga kelganda uni ko’rib hamma narsani unutaman. Farzandim menga kuch beradi, zavq ulashadi. Qolaversa, oila a’zolarimning yonimda sog’-salomat yurishganligi ko’nglimga xotirjamlik ulashadi. Muxlislarimning e’tibori va yaxshi insonlarning suhbatlari ham menga zavq ulashadi.

— Nechta qarindoshingizning tug’ilgan kunini eslab qolgansiz?

— Asosan oilamdagilarning. Hatto boshqa qarindoshlarimiznikini ham bilmayman.

Ijodga oid

— Kim sizga kundalik nishon shou-biznesda?


— Bunaqasi yo’q. Kimgadir qarab men undan o’tishim kerak, degan fikrning o’zi ham menda yo’q. Biror bir ijodiy ishimni kimnidir kuzatib qilganim yo’q. Shuning uchun yo’nalishimda turfa xillik bor. Bir xonandadan andaza olganimda bir xillik bo’lardi. Ko’rish, kuzatishim bor. Yaxshisini e’tirof etaman, noto’g’ri ish qilishganini ko’rsam xulosa chiqaraman. Lekin birovni o’zimga nishon sifatida yasab olish yo’q.

— Yangi qo’shiqlari avvalgilaridek ommalashmayapti, deydiganlarga javobingiz?

— Bunaqalar "Arazingiz”, "Nazar-nazar”, "Yo Rab”, "Oh nimalar”, "Eyforiya”, "Nima uchun” qo’shiqlari chiqqan paytda ham bo’lgan. O’rganib ham qoldim. Agarda ularga e’tibor qilib yuradigan bo’lsam, o’zimni o’zim yeb, chiqib bo’lmaydigan g’orlikka ya’ni noshukrchilikka tushib qolgan bo’lardim. Xuddi oldingidek bo’lmayotgandek bo’laverdi. Bu juda yomon. Inson boridan qoniqishi va shu bilan baxtli bo’lishi kerak. Chunki hamma narsaning o’z davri va vaqti bor. Shuning uchun menga hozirgilari yetarli va bundan ham yaxshi bo’lishi uchun harakat qilyapman.
Категория: QAYNOQ YANGILIKLAR | Просмотров: 967 | Добавил: Web_MasteR | Рейтинг: 5.0/1
Всего комментариев: 1
31.03.2012 (13:38) #1
bb
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]